19:38 Depardye buyurtmasiga ko‘ra “Rus bo‘lishdan faxrlanaman” soatlar seriyasi ishlab chiqarildi | |
Mashhur fransuz aktyori Jerar Depardye buyurtmasi bilan Shveysariyaning "lyuks” toifali soatlar ishlab chiqaruvchi Cvstos kompaniyasi yangi eksklyuziv soatlar turkumini ishlab chiqardi. Mazkur soatlar "Rus bo‘lishdan faxrlanaman” (Gerard Depardieu Edition "Proud to be Russian”) deb nomlanadi. Bu to‘g‘rida Belgiyaning Contact radiostansiyasi xabariga asoslanib "ITAR-TASS” ma’lumot bermoqda. Cvstos kompaniyasi o‘zining yangi "yuzi” bo‘lgan 65 yoshli Depardye fotosuratini e’lon qildi. Unda aktyor egniga Rossiya gerbidagi ikki boshli burgut tasviri tushirilgan qora kurtka kiyib olgan; qo‘lidagi siferblatli soati ham qora rangda bo‘lib, uning ichiga ham sof tilladan yasalgan, xuddi o‘shanday ikki boshli burgut tasviri tushirilgan. Yangi soatlarning narxlari hozircha e’lon qilinmayotir; ular uch xil komplektatsiyada ishlab chiqariladi – avtomatik mexanizmli, xronografli va turbiyonli. Joriy yilning boshida Jerar Depardye o‘zining aktyorlik faoliyatini tugatishini e’lon qilgan edi. Endigi rejalariga to‘xtalib, u anchadan buyon "tirikchilik uchun pul ishlab topishga ehtiyoji yo‘q”ligini ta’kidlagan. Fransiya matbuotiga bergan intervyusida ham aktyorlik endi og‘irlik qilishini tan olib, bundan keyin ko‘proq vaqtini sayohatlarga va boshqa madaniyatlar bilan tanishishga bag‘ishlashini aytgan. Biroq o‘tgan haftada Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublikada Depardye rol o‘ynagan "Ota” badiiy filmini suratga olish ishlari yakunlanganligini ma’lum qilgan. Shuningdek, o‘tgan yilning may oyida Chechenistonda bosh rollarni Jerar Depardye va 48 yoshli ingliz aktrisasi Elizabet Xerli ijro etgan filmni suratga olish boshlanganligi xususida xabarlar tarqalgan. Kino sohasidagi omadli karyerasidan tashqari, Depardye biznes bilan ham faol shug‘ullanadi. U yaqinda Belgiyada o‘zining ko‘chmas mulk agentligini ochdi, yanvarda esa Cyran R xususiy aviakompaniyasiga asos soldi. Shuningdek, Depardye Belgiya va Fransiyada vinochilik bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, Parijda uning bir nechta restorani bor. 2012-yili Fransiya hukumati "boylik uchun soliq”ni 75 foizga oshirishga qaror qilganida, Depardye achchiqlanib, bu mamlakat fuqaroligidan voz kechishini ma’lum qilgan. O‘tgan yilning 3-yanvarida esa prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan unga Rossiya fuqaroligi berilgan. Depardye bu voqeaga: "Men amalda o‘zimni rus hisoblayman, yuragim esa ruscha-fransuzchadir”, – deya izoh bergan edi. Uch davlat – Rossiya, Fransiya va Belgiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Depardye o‘tgan yilning fevralidan buyon Mordoviya poytaxti – Saranskda ro‘yxatda turadi. Avvalroq mazkur aktyorga Rossiyadan uylanishni taklif qilishgan. U "Terek” futbol klubi muxlisiga aylangan, shuningdek, "Kumush kalish” mukofotiga sazovor bo‘lgan. | |
Категория: Новости мира | |
Всего комментариев: 0 | |